“Juda g‘alati ishlar” finali kinoteatrlarda namoyish etilishi mumkin


Netflix “Juda g‘alati ishlar” serialining beshinchi mavsumidagi yakuniy qismini AQSH kinoteatrlarida namoyish etmoqchi. Bu ma’lumotni Puck News portali tarqatdi.
Katta ekranlardagi premyera 31-dekabrda — aynan shu epizodning strimingdagi chiqish kunida bo‘lishi kutilmoqda. Netflix rahbariyati hozircha bu xabarga rasmiy izoh bermadi.
Serialning yaratuvchilari Mett va Ross Dafferlar kinoprokat versiyasini qo‘llab-quvvatlashgan. Biroq Netflix ijodiy direktori Bela Bajjariya bu g‘oyani rad etgan.
“Ko‘pchilik “Juda g‘alati ishlar”ni Netflix orqali tomosha qilgan. Serial yetarlicha muhokamalar, birgalikda tomosha qilishlar va muxlislar e’tiboridan mahrum bo‘lmadi. Menimcha, uni Netflix orqali chiqarish bilan muxlislarning istaklarini qondiramiz”, — dedi u.
“Juda g‘alati ishlar” serialining beshinchi va yakuniy qismi 26-noyabrda efirga uzatiladi.