Rayan Jonson yangi fantastik triller ustida ishlamoqda
“Qinidan chiqqan pichoqlar” filmining yaratuvchisi Rayan Jonson ilmiy fantastika unsurlari bor triller janridagi yangi loyihasi ustida ishni boshlaganini ma’lum qildi.
“Hozirda meni eng ko‘p hayajonga solayotgan narsa — bu keyingi loyiha uchun xayolimga kelgan g‘oya... shunchaki ichki sezgingga quloq tutish kerak.
Agar bu asarni janr nuqtai nazaridan ta’riflashim kerak bo‘lsa, u 1970-yillardagi vahimali trillerlarga o‘xshash bo‘ladi, deb aytardim. Unda ilmiy fantastikaning yengil unsurlari ham bo‘ladi”, — deya o‘z fikrini bildirdi Jonson Empire nashriga bergan suhbatida.
Rejissyor boshqa tafsilotlarni oshkor qilmadi. Jonson ilgari “Vaqt halqasi” va “Yulduzlar urushi: So‘nggi jedi”larda ilmiy fantastika mavzusida ishlagan. “Pichoqlar” filmining uchinchi qismi “Uyg‘on, o‘lik” 12-dekabrda Netflix`da namoyish etiladi.