“Marvel zombilari” multserial treyleri taqdim etildi


Disney+ “Marvel zombilari” animatsion ko‘rsatuvining ilk treylerini e’lon qildi. Loyiha 24-sentyabrda strimingda namoyish etiladi.
Mini-serial voqealari Marvel kinoolamining muqobil versiyasida, zombi apokalipsisi sodir bo‘lgan dunyoda kechadi. Kapitan Amerika ham qo‘shilgan holda, aksariyat superqahramonlar tirik murdalarga aylanib qolgan.
Ularga qarshi kurashayotgan tirik qolganlarning kichik guruhi (Qora beva, Shang-Chi kabilar) halokatli epidemiyaga qarshi dori topishga behuda urinmoqda.
“Marvel zombilari”ning muallifi Zeb Uells (“Dedpul va Rosomaxa” asari muallifi) hisoblanadi. Qahramonlarni ovozlashtirishda Florens Pyu, Elizabet Olsen, Pol Radd, Simu Lyu va boshqalar ishtirok etgan. Jami to‘rtta qism rejalashtirilgan.