Mirshakar Fayzulloyevdan Raʼno Shodiyevagacha: sanʼat uchun asl kasbidan voz kechgan mashhurlar
Oʻzbek shou-biznesida sanʼatdan tashqari boshqa sohada faoliyat yuritayotgan va shu sohalardan daromad topayotgan mashhurlar ham bor.
Toping.uz muharrirlari boshqa sohada tahsil olib, sanʼatda mashhur boʻlgan ijodkorlar haqida maʼlumot toʻpladi. Bu roʻyxat sizni albatta lol qoldiradi.
Soʻgʻdiyona Azimova
“Qaysarginam”, “Nafrat” filmlari, “Jurnalist” serialidagi rollari bilan tomoshabinlarga yaxshi tanish boʻlgan aktrisa Sugʻdiyona Azimova mahoratli stilist hisoblanadi. U sanʼat sohasida tahsil olmagan. Aktrisa 15 yildan buyon stilistlik bilan shugʻullanadi.
Aktrisa ayni paytda turmush oʻrtogʻi bilan Makka shahrida yashaydi. U hozirda umra ziyoratchilariga koʻmaklashuvchi xizmatni yoʻlga qoʻygan. Alloh oʻz uyida meni suygan bandasiga omonat qilib berdi, deb taʼkidlaydi Soʻgʻdiyona.
Raʼno Shodiyeva
Aktrisa Raʼno Shodiyeva surdopedagogika sohasida tahsil olgan. U otasining eshitish bilan bogʻliq muammosi borligi sababli yoshligidan surdo tilini oʻrgangan. Imkoniyati cheklangan insonlarga befarq boʻlmagan Raʼno Shodiyeva “Qoʻllar yordamida gaplashamiz” nomli tashkilotga asos soldi.
U faoliyati davomida “Oʻtov”, “Sarob”, “Vatan” va boshqa koʻplab filmlarda suratga tushgan. Aktrisa ogʻir kasallik bilan kurashganiga qaramay, ijodni toʻliq tark etmagan. Doim reklama roliklarida, fotosessiyalarda qatnashgan. Ayni paytda yan qayta yirik kinoloyihalarda rol ijro eta boshladi.
Bahrom Nazarov
Xonanda Bahrom Nazarov temiryoʻl sohasida faoliyat yuritgan. U temiryoʻlchi boʻlish niyatida Toshkentga keladi va taqdir taqozosi bilan Ozodbek Nazarbekov bilan uchrashadi.
Boshqa tengdoshlarimga qaraganda menga ancha kech omad kulib boqdi. Ammo bundan oʻksinmayman. Chunki hamma narsa vaqt-soati bilan boʻladi. 18 yoshimda Ozodbek Nazarbekov bilan tanishgan boʻlsam, 30 yoshimda qoʻshigʻim orqali odamlar ogʻziga tushdim. 10 yil temiryoʻlda ishladim, deydi xonanda.
Ozod Shukrulloyev
Stendap yoʻnalishi va vaynlari bilan mashhurlikka erishgan Ozod Shukrullayev Toshkent tibbiyot akademiyasida jarrohlik sohasida tahsil olgan. U oʻsha paytlardan oylik maoshi yetmagani sababli ijodga kirib kelgan. Hozirda Ozod Shukrullayev ijod bilan shugʻullanish bilan birga Toshkentdagi xususiy klinikalarning birida jarroh sifatida faoliyat yuritadi.
U oʻz asl kasbi xumor qilib ketganda, operatsiya jarayonlariga qatnashish uchun borishini aytgan. Qiziqchi faoliyatidagi bunday keskin burilish nimadan kelib chiqqanini oʻzi ham izohlab bera olmasligini aytadi. Shukrulloyev ayni paytda eng mashhur komiklardan hisoblanadi.
Mirshakar Fayzulloyev
Diplomi boʻyicha mutaxassisligi dasturchi boʻlgan stendap-komik ayni paytda qizgʻin ijod bilan shugʻullanmoqda. Mirshakarning 1 yil oldingi konserti koʻplab shov-shuvlarga sabab boʻldi. U podkastlarning doimiy mehmoni hisoblanadi.
Fayzulloyev Toshkent axborot texnologiyalari universitetini tamomlagan. “Comedy Uz” loyihasi rezidenti sifatida sanʼatga ilk qadamlarini qoʻygan. Shundan soʻng bir qancha televizion shoularda boshlovchilik qilgan.