РУ
O’Z
UZS
/
/
Toping.uzʼda afisha: Shahnoza dam olish kunlarida qayerlarga borishni yoqtirishini aytdi
22.11.2024 (yangilandi 22.11.2024)

Toping.uzʼda afisha: Shahnoza dam olish kunlarida qayerlarga borishni yoqtirishini aytdi

Toping.uzʼda afisha: Shahnoza dam olish kunlarida qayerlarga borishni yoqtirishini aytdi

Kuzning uchinchi oyi boʻlgan noyabrning navbatdagi haftasi ham yakuniga yetmoqda. Poytaxt koʻchalari kuzga xos boʻlgan tillarangga burkangan, havo esa ancha sovib, yogʻingarchilik boshlandi. Bloger Shahnoza bilan oltin kuzdagi Toshkent haqida suhbat olib bordik.

Hordiq

Men dam olish va fikrlarimni bir nuqtaga jamlash uchun odatda sokin bogʻlarga va sayilgohlarga borishni xush koʻraman. Bu orqali inson oʻzining ichki ovozini tinglashi va nimalarni xohlayotganini aniqlab olishi mumkin.

Haftaning ish kunlarida Amir Temur xiyobonida sayr qilishni yaxshi koʻraman. Bu shaharning yosh va navqiron davrini hamda goʻzal tabiatini eslatib turadigan ajoyib manzildir. Skverning oʻziga xos va mos ruhiyati bor.

Shuningdek, soʻnggi yillarda yana urfga aylanayotgan “Lokomativ” bogʻini sayr qilish ham yoqadi. Bu parkda oʻziga xos mikroiqlim yaratilgani koʻpchilikka maʼlum boʻlsa kerak. Shu sababli kuz oylarida bogʻ oʻziga xos tillarangga burkanadi.

Kino

Ochigʻini aytsam, men kinosevar emasman. Didimga mos keladigan filmlarni topishim biroz mushkul. Ammo yoqadigan kino chiqib qolsa, bir nafasda tomosha qilishim mumkin.

Menga koʻproq fantastik janrdagi filmlar yoqadi. Bunday janrdagi asarlarning oʻziga xos vaybi boʻladi. Har bir personaj oʻziga xos xarakterga ega boʻlishi esa filmni yanada tomoshabop qiladi.

Toshkentda turli kinoteatrlar borligi va ular kun sayin koʻpayib borayotgani har bir insonni xursand qiladi. Dam olish kunlarida borish mumkin boʻlgan manzillar ortishi bu yaxshi tendensiya, deb hisoblayman.

Ovqat

Men yangilikka oʻch insonman. Hali biror marta bormagan va koʻrmagan joylarimdan ovqatlanishni juda ham sevaman. Har bir yangi joyda oʻziga xos kashfiyotlar boʻlishiga ishonaman.

Ovqatlarga kelsak, men turk oshxoasini maʼqul koʻraman. Turli xil kabob, meze va baklava, shobiyet, kadayif va kunefe kabi taomlarni koʻrsam, bahru dilim ochiladi. Ularning madaniyati singari ovqatlari ham juda shirin.

Shu bilan birga, har bir vatanparvar oʻzbek singari milliy oshxonamizni ham xush koʻraman. Bizning oshxona shu qadar taomlarga boyki, har kun har xil ovqat yesangiz ham, baribir barcha variantlarni taʼtib koʻra olmaysiz.

Xarid

Men kiyim xarid qilish uchun aynan biror doʻkonni tanlamayman. Masalan, biror modeldagi kiyim yoqib qolsa uni internet doʻkondan ham buyurtma berishim mumkin yoki mavjud doʻkonga borib xarid qilish ham mumkin.

Shopping jarayonida birinchi eʼtibor berish kerak boʻlgan jihat — bu kiyim bir koʻrganingizda sizga xush yoqishi kerak. Agar faqat model sizga maʼqul kelsayu, kiyimni koʻrganingizda unchalik yoqmasa, uni sotib olmagan maʼqul.

Yana bir eʼtibor berish kerak boʻlgan jihat bor. Bu ham boʻlsa mentalitet doirasidan tashqariga chiqmaslikdir. Siz tanlayotgan har bir kiyim axloq-odob qoidalaridan chetga chiqib ketmasligi kerak deb oʻylayman.