Soch kesish turmaklari: 2025-yilda eng ommabop uslublar – kalta modellardan tortib Gollivudcha obrazlargacha


Ayollar soch kesish turmaklari modasi har mavsum yangilanib boradi: har yili podiumlar va ijtimoiy tarmoqlar ilhomlantirgan yangi trendlar paydo bo‘ladi. 2025-yil soch kesish turmaklari – bu qulaylik, shaxsiylik va stilistik jasorat uyg‘unligidir. Bu yil diqqat markazida – tekstura, assimmetriya, tabiiylik va ifodaviylik turadi. Eng dolzarb turmaklar bilan tanishing: jasur kalta soch uslublaridan tortib nafis Gollivud to‘lqinlarigacha.
Teksturali piksi – power woman (kuchli ayol) soch kesish uslubi
Kalta soch turmaklari yana moda cho‘qqisida, ulardan eng ommabopi esa – piksi. 2025-yilda u yangicha talqinda: tekstura, yengil beparvolik va assimmetriya bilan boyitiladi. O‘zini dadil ifoda etishni istagan qizlar uchun ideal tanlov bo‘ladi. Ayniqsa, yon qismi qirilgan yoki uzun oldi qism (cholka) bilan variantlar mashhur.

Grafik chiziqli klassik kare
Kare – doimiy klassika uslubi hisoblanadi, lekin 2025-yilda u aniqroq, grafik shaklda qaytmoqda. To‘g‘ri kesilgan, tekis ajratilgan soch chizig‘i va silliq tekstura – silliq va qat’iy obrazni xohlovchilar uchun yangicha trend hisoblanadi. Ayniqsa bir xil rangga bo‘yalgan sochlar bilan (iliq shokolad yoki kashtan ranglarda) juda chiroyli ko‘rinadi.

French-bob – kalta kesilgan sochlarning romantik talqini
Agar siz kare va piksi o‘rtasidagi uslubni istasangiz, french-bobga e’tibor qarating. Bu soch turmagi nafis parijlik qiz obrazini yaratadi: iyakkacha uzunlik, yengil to‘lqin va erkin taxlangan chokla. 2025-yilda bu kesim to‘g‘ri hamda jingalak sochlarga moslab kesiladi.

Kaskad 2.0 – ko‘p qatlamli hajmli soch turmagi
Kaskad soch turmagi zamonaviy ko‘rinishda qaytmoqda: yumshoq o‘tishlar, tekstura va sochlarning tabiiy harakati. Bu yil ayniqsa o‘rta uzunlikdagi sochlarga mos keladigan kaskad turmagi trendda. Sochlaringizga yengil melirovka qo‘shsangiz – maxsus turmaksiz ham hajmli ko‘rinishga ega bo‘lish mumkin.

Uzun sheggi – erkinlik va jasorat
Sheggi – bu granj va boho uslublarining aralashmasi: notekis kesimlar, hajmli tepa qism va to‘liq erkin uslubda quritish mumkinligi. 2025-yilda u uzunroq va yumshoqroq bo‘lib, to‘g‘ri hamda jingalak sochlarga ham mos keladi. Ayniqsa, “pardali cholka” (cholka-shtorka) bilan chiroyli ko‘rinadi.

Gollivudcha to‘lqinlar va yumshoq kaskad
Uzun sochni yoqtiruvchilar uchun bu yil ham Gollivudcha uslublar trendda: yengil kaskad, yuz atrofiga tushadigan uzun sochlar va katta to‘lqinlar. Ayniqsa sarg‘ish yoki karamel ranglar bilan uyg‘unlashganda mukammal ko‘rinadi. Qizil gilamdan – kundalik hayotga tadbiq qilingan uslub.

Cholka yana modada – qalinidan tortib "parda"gacha
Cholka 2025-yilda yana trendda. Uning turli ko‘rinishlari qaytmoqda: qalin to‘g‘ri, gradatsiyali, kalta, 60-yillar uslubidagi va eng mashhuri – “parda” shaklidagi cholka. U obrazga yumshoqlik va romantika qo‘shadi hamda har qanday – kalta yoki uzun bo‘lishidan qat’i nazar soch kesimiga mos keladi.

2025-yil soch kesish turmaklari taqvimi
Ko‘plab ayollar trendlar bilan birga soch kesish taqvimiga ham amal qilishadi. Oy taqvimiga ko‘ra, soch kesish uchun eng qulay kunlar – o‘suvchi oy davri. Aynan shu vaqtda sochlar tezroq o‘sadi va sog‘lomroq ko‘rinadi. Muhim tadbirlarga o‘zgacha ko‘rinishda borishni istasangiz, soch kesish turmagini oldindan rejalashtiring.