Anjelina Joli “Janob va xonim Smit” rejissyori tomonidan suratga olinadigan filmda bosh rolni ijro etadi


The Hollywood Reporter nashri Anjelina Joli "Janob va xonim Smit" jangari filmining rejissyori Dag Layman bilan qayta birlashishi haqida xabar bermoqda. Ular yangi “Tashabbus” (The Initiative) filmi ustida ishlaydi.
Ichki manbalarga ko‘ra, bu film josuslik olamidagi “Mashg‘ulot kuni” (2001) deb tavsiflanmoqda. Syujetga ko‘ra, yangi agent Charli yolg‘iz ishlaydigan tajribali professional Brayt (Joli)ning shogirdiga aylanadi. Tez orada ikki qahramonning munosabatlari omon qolish uchun xavfli o‘yinga aylanib ketadi.
Ssenariy muallifi F. Skott Freyzer (“Uch iks: Dunyo hukmronligi”). “Tashabbus” filmini Universal Pictures tarqatadi. Filmning aniq chiqish sanasi hali ma’lum emas.
Joli yil oxirigacha Lui Garrel bilan “Kutyur” dramasida rol ijro etadi. Aktrisa, shuningdek, “Xavotirli odamlar” kitobining ekranlashtirmasida ham qatnashadi.