Sanʼatdagi faoliyatini bir yoʻnalishda boshlab, boshqasida muvaffaqiyat qozongan oʻzbekistonlik mashhurlar
Oʻzbek shou-biznesida faoliyatini sanʼatning bir yoʻnalishida boshlagan va keyinroq boshqa yoʻnalishda mashhurlikka erishganlari talaygina. Quyida shu kabi sanʼatkorlar haqida soʻz yuritiladi.
Munisa Rizayeva
Munisa Rizayeva sanʼtdagi karyerasini kinodan boshlagan. Uning debyuti 2010-yilda suratga olingan “Hijron” filmida boʻlgan. Munisa “Hijron”dan soʻng, “Salom Natasha”, “Aql va yurak”, “Hay-hay qizaloq” hamda “Bevalar” kinofilmlarida turli rollarni ijro etgan. Munisa 2011-yilda qoʻshiqchilikda oʻzini sinab koʻrishga qaror qilgan hamda birinchi “Ayrilma yor” deb nomlangan qoʻshigʻini muxlislar eʼtiboriga havola etadi. Ushbu qoʻshiq muxlislar tomonidan iliq qarshi olinib, u xonandaning tashrif qogʻoziga aylanadi.
Xonanda bu taronasidan keyin ijodga yanada shoʻngʻidi va koʻplab taronalarni ijro etdi. Uning mashhurligi viloyatlar boʻylab konsert bera boshlaganidan keyin yanada ortdi. Munisa Rizayevaning ilk musiqiy albomi 2012-yilda chiqqan, 2014-yilda esa xonanda “Eʼtirof” milliy mukofotiga sazovor boʻlgan. Uning “Alamim bor”, “Ovuna”, “Dil”, “Boʻldi yurak”, “Armon” va bir qancha taronalari muxlislarning qalbidan joy egallagan. Munisa Rizayeva Ziyoda, Shohruhxon, Shahzod Murodov, Botir Qodirov kabi oʻzbek shou-biznesining taniqli vakillari bilan duet kuylagan.
Asal Shodiyeva
Aktrisa Asal Shodiyeva sanʼatga kirib kelgan ilk yillarida “Oʻzbekistonim” nomli taronani ijro etgan. U Uspenskiy nomidagi musiqaga ixtisoslashtirilgan maktabda tahsil olgan. Keyinchalik Asal Shodiyeva aktrisalik sohasida oʻzini sinab koʻrdi va aynan shu yoʻnalishda mashhurlikka erishdi. U kino olamdagi faoliyati davomida 30 ga yaqin filmda suratga tushgan.
“Uchar qiz” “Hay-hay qizaloq”, “Majnun”, “Poyga”, “Uylanish”, “Vahshiy”, “Qaysar oshiqlar” aktrisa ijodidagi muvaffaqqiyatli filmlar hisoblanadi. Hozirda farzandlari tarbiyasi bilan mashgʻul boʻlgan Asal Shodiyeva xonandalikdagi ijodini ham davom ettirmoqda. Aktrisa kinodagi faoliyatida tanaffus eʼlon qilganidan keyin “Soxta”, “Uchta soʻz” kabi taronalarini muxlislariga taqdim etdi.
Zulayho Boyxonova
Oʻzbekiston xalq artisti Zulayho Boyxonova 1986-yilda institutni tugatgach, sanʼat olamidagi faoliyatini Muqimiy nomidagi oʻzbek davlat musiqali drama teatrida boshlagan. U teatrda sahnalashtirilgan koʻplab spektakllarda bosh rollarni oʻynagan.
Shundan keyin aktrisa xonandalikda ham oʻzini sinab koʻradi va “Hay-hay” nomli taronasini ijro etgandan keyin mashhurlikka erishadi. Xonanda “Gar sogʻinsam”, “Rashk”, “Dilimdagilar”, “Koʻz tutarman” nomli taronalari bilan muxlislarning eʼtiboriga tushgan.
Nilufar Usmonova
Xonanda Nilufar Usmonova sanʼatdagi faoliyatini 1995-yilda aktrisalikdan boshlagan. Uning ilk debyuti “Bolajon” kinofilmida boʻlgan va shundan keyin 2002-yilda suratga olingan “Muhabbat sinovlari” filmida suratga tushgan.
Aktrisa oʻzini xonandalikda ham sinab koʻrishni istaydi va keyinroq “Otajon”, “Yur”, “Bolam” nomli taronasini ijro etadi. Xonandalik yoʻnalishida ijod qilishni boshlagan Nilufar Usmonova aynan shu yoʻnalishda mashhurlikka erishadi. Xonandaning “Taslim boʻldim”, “Asraydi”, “Odamlar”, “Onam”, “Xatlar yozmayman”, “Kel ikkimiz” nomli taronalari muxlislarning eʼtirofiga sazovor boʻlgan.
Gafur
Hozirgi kunda Rossiyada Gafur taxallusi ostida ijod qilayotgan xonanda Abdulgʻofur Isaxonov sanʼat olamidagi faoliyatini oʻzbek kinofilmlarida boshlagan. Uning kinodagi ilk debyuti 12 yoshida, “Soy qoʻshigʻi” filmida boʻlgan. Shundan keyin “Dadam betob”, “Novda”, “Elparvar” filmlarida suratga tushdi.
Keyinroq Abdulgʻofur musiqiy tanlovda qatnashish uchun Rossiyaga uchib ketadi. Ijodiy safar mobaynida RAAVA Music leybli asoschilari bilan tanishdi hamda birin-ketin xit qoʻshiqlarini muxlislar eʼtiboriga havola eta boshladi. Uning “Lollipop” nomli taronasi rusiyzabon yoshlar tomonidan iliq qarshi olindi hamda ushbu qoʻshiq turli xit-paradlarda bir necha oy davomida birinchilikni egallab keldi.
Malik
Malik taxallusi bilan ijod qiluvchi Shohjahon Ergashev Oʻzbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova bilan “Yor biyo” taronasini ijro etganidan keyin xonanda sifatida tanildi. Malik mashhurlikka erishmasidan oldin oʻzini aktyorlik sohasida sinab koʻrgan. U Xadichaning bir nechta kliplarida suratga tushgan.
Xonanda aktyorlikdan tashqari kompozitorlikda ham faoliyat yuritadi. U Yulduz Usmonovaning “Bu sevgi”, Xadichaning “Aldama”, “Kelma”, “Bevafo”, Alisher Zokirovning “Malikam”, Imronning “Hech kimga bermay sevaman” nomli taronalarining muallifi hisoblanadi.